Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasi qurilishida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

Hujjat 7 sentyabr kuni Moskvada Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 19-yig‘ilishida ikki mamlakat bosh vazirlari tomonidan imzolangan edi.

Bitim Rossiya loyihasi bo‘yicha tarkibida suv-suv energetika reaktori asosida har bir energoblok quvvati 1,2 GVtgacha bo‘lgan ikkita energoblokli AESni loyihalashtirish va qurish bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadi.

Avvalroq Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l ko‘li yaqinidagi hudud AES qurilishi uchun eng maqbul joy sifatida tanlangani xabar qilingan edi.

18−19 oktyabr kunlari esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi rejalashtirilgan.