Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlarni boshladi. Vatandoshlarning birinchi guruhi (71 kishi) 12 oktyabr kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari"ning ikkita reysi bilan (16:55 va 22:35 da) Moskvadan Toshkentga yetib keldi.

Aeroportda ularni qarindoshlari, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev (pastdagi suratda — o‘rtada) hamda Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari kutib oldi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

5−8 sentyabr Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining 19-Kengashida Rossiya Ichki ishlar vazirligi hududiy organlarining horijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridagi taxminan 1500 nafar O‘zbekiston fuqarolarini qaytarishga ko‘maklashish haqidagi kelishuvga erishilgan edi.

Ta’kidlangan toifadagi shaxslar — bu og‘ir moddiy qiyinchilikka uchragan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga va yashash uchun mablag‘ga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolaridir.

Vatandoshlarni qaytarish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi «Horijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi» hisobidan amalga oshiriladi.