10 oktyabr kuni Navoiy viloyati Karmana tumanida yetti kishi vafot etgan YTH sodir bo‘lgan joydan qochib yashiringan yuk mashinasi haydovchisi ushlandi. Bu haqda Karmana tuman IIB «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Avval xabar qilganimizdek, avariya M-37 avtomagistralining 188-kilometrida, «Qiziltepa-Karmana» qismida taxminan 1:20 da sodir bo‘ldi. Yuk mashinasi bilan to‘qnashuvdan so‘ng Nexia yengil avtomobili yonib ketgan. Barcha vafot etganlar, jumladan uch bola Nexia avtomobilida bo‘lgan.

O‘zbekiston FVV xabarida aytilishicha, Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va Shaanxi SX samosvali bilan to‘qnashib ketgan, deyilgan edi. Biroq tuman IIBdan qayd etilishicha, ekspertizadan so‘ng YTH yuk mashinasi aybi bilan sodir etilgani aniqlandi.

Foto: Sevimli TV kanali Zamon dasturi lavhasidan.

«Samosval ortga qayrilishni amalga oshirgan va o‘z polosasida harakatlanib kelayotgan Nexia avtomobilini o‘tkazib yubormagan», — dedi suhbatdosh.

Boshqarmadan xabar qilinishicha, hodisa joyidan yashiringan haydovchi tuman hududida taxminan 15:30 da qo‘lga olingan.

Ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa / muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Haydovchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.