Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘zboshimchalik bilan olib borilgan qurilish ishlari to‘xtatildi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Gazetaning 2018 yil 14 iyul, 83-sonida «Urgutcha yer savdosi» maqolasi chop etilgandi. Unda Urgut tumani Mo‘minobod mahallasida joylashgan 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qarashli yer maydonidan maktab direktori va mahalla raisi hamkorligida noqonuniy qurilish qilinayotganidan mahalla faollarining e’tirozi hamda tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limining yer maydoni bo‘yicha ma’lumoti keltirilgandi. Yaqinda maqola yuzasidan tuman hokimi M.Turdiyev imzosi bilan javob xati oldik. Unda jumladan, shunday deyilgan:

«Tumanimizdagi 53-umumta’lim maktab direktori 2017 yilning 26 iyul kuni maktab hududidan oshxona (bufet) va o‘quv qurollari savdo do‘koni qurish uchun yer maydoni ajratib berishni so‘rab, tuman hokimligiga murojaat qilgan.

2017 yil 17 oktyabrda tuman hokimining qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, mahallada yashovchi fuqaro E.Tugalov tomonidan maktab hududidan 120 kvadrat metr yer maydonida homiylik mablag‘i asosida qurilish ishlarini viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda, ART va loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Fuqaro E.Tugalov tomonidan qurilish ishlari o‘zboshimchalik bilan olib borilganligi natijasida tuman hokimligi hamda aloqador tashkilotlar bilan hamkorlikda ob’ektda qurilish ishlari to‘xtatildi".