O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan qurilish sohasini tartibga soluvchi amaldagi qurilish (shaharsozlik) norma va qoidalari (SHNQ), shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli baho berish maqsadida ular mamlakatimizda arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mos kelishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

So‘nggi 10 yilda (2008−2017) O‘zbekistonning yalpi ichki maxsuloti 2,1 barobarga oshgan, undagi qurilish sanoatining hissasi 6,8 foizni tashkil etmoqda, dunyoning yalpi ichki maxsulotida qurilish sanoatining hissasi 6 foizni tashkil etadi.

Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni soni (2005 yilda — 16,4 ming, 2010 yilda — 22,4 ming, 2016 yilda — 23,8 ming) yildan yilga ortmoqda, ushbu sohada mehnat qiluvchilar soni esa aholining 9 foizga to‘g‘ri keladi.

O‘rganish ishlari davomida qurilish sohasini keskin rivojlanishi hamda zamonaviy standartlar, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qisqa muddatda joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammo va kamchiliklar aniqlandi. Bu esa o‘z navbatida ularning tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqilishini, soddalashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni taqazo etmoqda.

Birinchidan, SHNQlarning yagona reyestri mavjud emas va ularning hisobi yuritilmagan. Xususan, qonunchilikda SHNQlarning reyestri yuritilishi nazarda tutilmagan, shu bois ularning aniq hisobi yuritilmay kelinmoqda, 60 ta SHNQlarning to‘liq matni mavjud emas. O‘rganishda 274 ta SHNQlar qamrab olindi (jami 334 SHNQ), ularning 11 tasi normativ-texnik jihatdan tartibga solishdan chetga chiquvchi normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.

Ikkinchidan, SHNQlarning o‘z vaqtida yangilanib borilishi ta’minlanmagan, ayrim SHNQlar bugungi kunda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Xozirgi vaqtga qadar o‘quv yurtlarini inventarlar bilan jihozlashni tartibga soluvchi (kodoskop, filmoskop va lentali diafilmlar, konditsioner BK-2500 va boshqalar), uylarning qavatlarini cheklovchi (ommaviy qurilish uchun — 4 qavatdan yuqori bo‘lmasligi, qishloq joylarida (kanalizatsiyalanmagan uylar) — 2 qavatdan yuqori bo‘lmasligi lozim) va boshqa SHNQlar mavjud. Bular o‘tgan asrning 60−70 yillarida ishlab chiqilgan, shuningdek SHNQlarda amaliyotda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirishda keng foydalanilayotgan zamonaviy innovatsion usullar, energiya samaradorligini oshiradigan va uni tejaydigan hamda boshqa yangi texnologiyalardan foydalanilishi nazarda tutilmagan.

Uchinchidan, xalqaro qurilish standartlari asosida milliy standartlarni ishlab chiqish salohiyatiga ega yosh va malakali kadrlar yetishmasligi kuzatilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda SHNQlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish bilan davlat sektoridagi 30 ga yaqin tashkilotlar shug‘ullanmoqda. Ular tomonidan ushbu jarayonlarga asosan bilim va ko‘nikmalari XX asrning darsliklari va ilmiy yutuqlariga tayanadigan mutaxassislar jalb etilmoqda. Xususan, 36 ta mutaxassislardan 18 nafari (50 foiz) 60 yoshdan yuqori (Oliy o‘quv yurtlarini 1980 yildan oldin tamomlagan), 5 nafari (13,9 foiz) 50−60 yoshdagi (OO‘Yu 1980/90 yillarda tamomlagan), 11 nafari (30,6 foiz) 30−50 yoshdagi (OO‘Yu 2002/09 yillarda tamomlagan) va atigi 2 nafari (5,5 foiz) 30 yoshgacha (OO‘Yu 2010 yildan so‘ng tamomlagan) bo‘lgan shaxslarni tashkil etadi.

To‘rtinchidan, alohida SHNQlar va ayrim normativ-huquqiy hujjatlar qurilish sohasini rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Rivojlanishning joriy bosqichida SHNQlar qurilishda narxlarni bozor qiymati bo‘yicha shakllanishiga to‘sqinliq qilmoqda va ularda qurilish tashkilotlarining rentabelligi nazarda tutilmagan, qurilish tashkilotlarining tadbirkorlik sub’ektlari sifatida daromad topishlarining shaffof mexanizmlari mavjud emas.

Shuningdek, qurilish tashkilotlaridan loyiha qiymatining 5foiz miqdorida kafolat summasi ushlab qolinadi va qurilish yakunlanib, ob’ekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng qaytariladi, biroq ushbu summa qurilish tashkilotlarining amaldagi foydasidan deyarli ikki barobar yuqori.

O‘zining moliyaviy holatini ushlab turish maqsadida qurilish tashkilotlari turli «noqonuniy yo‘llar"dan foydalanishmoqda, sifatsiz va arzon qurilish mollaridan foydalanib, malakasiz mutaxassislarni jalb qilib pullarni iqtisod qilishmoqda va h.k., bu o‘z navbatida qonunbuzilishlarga olib kelmoqda.

Beshinchidan, qonunchilikda texnik nazorat va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarga talab qo‘yilmagan, ularni o‘qitish, malakasini oshirish va sertifikat berish tartibi mavjud emas. Amalda qurilish sohasiga aloqador bo‘lmagan shaxslar ham texnik nazorat
va mualliflik nazoratini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganilganda, aksariyat rivojlangan davlatlarda qurilish sohasida bir necha marotaba islohotlar o‘tkazilganligi, natijada Yevrokodlar (Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Finlyandiya, Turkiya, Singapur, Malayziya va boshqa) va IBC (AQSH, Gaiti, Yamayka, Meksika, Gruziya, BAA va boshqa) kabi xalqaro standartlar joriy etilganligi, amaliyotgda binoning 3D modeli yaratib, bino bitguniga qadar kuzatib boruchi VIM-texnologiyalardan foydalanilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Yevrokod, IBC va SHNQlarning farqi shundaki xalqaro standartlar erishilishi lozim bo‘lgan parametrlarni belgilab, hisob-kitob qilish tartibini ko‘rsatadi, mahalliy standartlar esa mustahkamlikdan boshlab sanitar va ijtimoiy standartlar hamda qurilish bilan bog‘liq barcha talablarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qat’iy belgilovchi, ularga erishish yo‘llari va muhandislik usullarni o‘rnatadi.

Yevrokod va IBClar yangi texnologiyalar joriy etilishiga moslashuvchan hisoblanadi, SHNQlar esa qat’iy bo‘lib va yangi texnologiyalar joriy etilishini inobatga olmaydi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan takliflar O‘zbekistan Respublikasi Administratsiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.