Endilikda yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan uyi (kvartirasi) buzilishi lozim bo‘lgan fuqarolarni turar joy bilan ta’minlash faqatgina mulkdorga taalluqli bo‘ladi. Bu prezident 11 oktyabrda imzo chekib, 12 oktyabrda kuchga kirgan O‘zbekiston Uy-joy kodeksiga kiritilgan tuzatishlashda o‘z aksini topgan.

Bunga qadar kompensatsiya uy-joy mulkdori hamda ularning oila a’zolariga, shuningdek ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ham taalluqli edi.

Eslatib o‘tamiz, kompensatsiya ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi.

Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan e’tiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.

Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga uch yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylarning (kvartiralarning), imoratlarning, inshootlarning va ko‘chirib tashlangan dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati berilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bozor qiymatlari o‘rtasidagi farqlar to‘liq hajmda qoplanadi.

2019 yil 1 yanvardan Uy-joy kodeksi 32-moddasining quyidagi yangi tahriri ham kuchga kiradi:

«Xususiylashtirilgan kvartirani yoki uyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish kvartira yoki uy mulkdorining voyaga yetgan oila a’zolarining va kvartirani yoki uyni xususiylashtirish uchun rozilik bergan shaxslarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi. Xususiylashtirilgan uy-joy mulkdorining voyaga yetmagan oila a’zolari manfaatlarini ularning ota-onasi, ular bo‘lmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organlari ifodalaydi».