Davlat soliq qo‘mitasi tasarrufidagi Toshkent soliq kollejining bir guruh professor-o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar berdi.

Unda kollej o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun mamlakatimizning boshqaruv sohasida kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan akademiya rahbariyati va professor-o‘qituvchilari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.

Shu bilan birga, kollej jamoasiga prezidentning boshqaruv tizimiga yosh, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, xalqaro andozalarga javob beradigan, kuchli boshqaruv madaniyatiga ega kadrlar tayyorlash yuzasidan akademiya oldiga qo‘yilgan vazifalar xususida ma’lumot berildi.

Toshkent soliq kolleji professor-o‘qituvchilari va o‘quvchilari akademiyaning o‘quv xonalari, axborot-resurs markazi, sport zallari va bu yerda tahsil olayotgan bo‘lajak rahbar kadrlarga yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy o‘tdi va tashrif buyurgan pedagog o‘qituvchilar va o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.