Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Farmonga muvofiq, 2019 yilning 1 apreliga qadar davlat ob’ektlari va yerlarga bo‘lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.

Eksperiment doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlariga quyidagi huquqlar berildi:

bo‘sh turgan davlat ob’ektlarini 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda (keyingi har bir qadam 1 mln so‘mdan) elektron auksion orqali sotish;

yerlar va bo‘sh turgan davlat ob’ektlarini investitsiyaviy (kamida 1 mln. AQSH dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar yuklangan holda auksion o‘tkazmasdan sotish;

sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga kiradigan yerlardan 50 yilga foydalanish huquqini investitsiyaviy (kamida 1 mln. AQSH dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar yuklangan holda sotish;

avtomobil yo‘llariga tutash hududlardagi har qanday yerlarni yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun elektron auksion orqali sotish;

savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyati tungi vaqtda cheklashga yo‘l qo‘yilmaydigan hududlarni tashkil etish.

Yerlarni sotishdan tushgan mablag‘lar ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvatlash yo‘naltiriladi.