O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kuni mamlakatga tashrif bilan kelganMisr bosh imomi, Al-Azharmajmuasi rahbarishayx AhmadMuhammad Tayyibniqabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda muqaddas islom dinining bag‘rikenglik tamoyillarini, ma’rifiy qadriyatlarini targ‘ib etish, uning insonparvarlik mohiyatini saqlash, diniy-ma’naviy merosni tadqiq etish, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotgani uchrashuvda bayon etildi.

Davlat rahbari Al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Al-Azhar o‘z tarkibida islom tadqiqotlari akademiyasi, universitet, ma’hadlar, jome masjidi, bir qancha ilmiy markazlarni birlashtirgan yirik rasmiy diniy majmua hisoblanadi.

Ahmad Tayyib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuqori baholadi.

O‘zbekistonda islom dinining asl mohiyatini o‘rganish va targ‘ib qilish, diniy-ma’naviy merosni keng tadqiq etish borasida olib borilayotgan siyosatni, BMTda ilgari surgan qator tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

U islom dini ravnaqiga katta hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk ulamolarimizning bebaho ilmiy merosini birgalikda o‘rganish muhim ekanligini qayd etdi.

Shayx Ahmad Tayyib O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi faxriy professori unvoni berilgani o‘zi uchun katta sharaf va ehtirom ekani hamda mas’uliyat bag‘ishlashini bildirdi.

Ahmad Tayyib Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Al-Azhar universiteti kafedrasini tashkil etish, misrlik taniqli olimlarning yurtimizda dars berishi, Al-Azhar magistraturasida talaba va yosh olimlarimizning imtiyozli tahsil olishi, ikki davlat ulamolarining qo‘shma Fatvo hay’atini tuzish hamda birgalikda ilmiy anjumanlarni va qo‘shima tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladi.

Yuqori martabali diniy arbob O‘zbekiston bilan munosabatlarni nafaqat ta’lim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida Misr tomonining sa’y-harakatlari qat’iyligiga ishonch bildirdi.