12 oktyabr kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Qozog‘iston va Rossiya mudofaa vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Uchrashuvlarda tomonlar mudofaa sohasida O‘zbekiston-Qozog‘iston va O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi holati va istiqbollari masalalarini muhokama qildi, harbiy-texnik yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashinuvlari bo‘lib o‘tdi.

Abdusalom Azizov rossiyalik hamkasbi bilan muloqotda Rossiya harbiy mutaxassislari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, 2017 yilning oktyabrida «Forish» poligoni (Jizzax viloyati) bazasida O‘zbekiston-Rossiya harbiy mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi o‘zaro manfaatli aloqalarning boshlanishiga yangi turtki berdi.

Rossiya mudofaa mahkamasi rahbari Sergey Shogu Rossiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda, jumladan xavfsizlik sohasida, strategik sherik sifatida ko‘rishini ta’kidlab o‘tdi, deya xabar qildi RIA Novosti.

«Zamonaviy sharoitda xavf va tahdidlarga, ayniqsa mintaqada xalqaro terrorizmning tarqalishiga qarshi birgalikda kurashish lozim», — deya qo‘shimcha qildi Sergey Shoygu.

Abdusalom Azizov kelgusi yili bo‘lib o‘tadigan Xalqaro armiya o‘yinlari hamda Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva anjumanida ishtirok etishga taklif qilindi.

O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari 2019 yilda harbiy hamkorlik rejasini hamda ikki davlat harbiy havo kemalari uchun O‘zbekiston va Rossiya havo hududlaridan foydalanish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzoladi. Hukumatlararo bitim harbiy yuklarni tashish va harbiy-transport samolyotlarining qo‘nishsiz parvozlarini amalga oshirish masalalarini tezkorlik bilan hal etishga imkon beradi.