O‘zbekiston Mudofaa vazirligi 11 oktyabr kuni Ozarbayjon va Belarus mudofaa mahkamalari bilan 2019 yilda harbiy sohada hamkorlik rejalarini imzoladi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Hujjatlar mudofaa vaziri Abdusalom Azizovning Armaniston, Belarus va Ozarbayjon mudofaa mahkamalari rahbarlari bilan uchrashuvi chog‘ida imzolandi.

O‘zbekiston va Belarus harbiy tipografiya, geodeziya, kartografiya va navigatsiya, hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

O‘zbekiston Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bilan harbiy ta’lim sohasida tajriba almashishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston harbiy mutaxassislari Ozarbayjondagi xalqaro mashg‘ulotlarda kuzatuvchilik qiladi.

Uchrashuvda mudofaa va harbiy ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, tomonlar harbiy-texnik yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdi.