Bugungi kunda gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda ko‘chirilishi lozim bo‘lgan jami 77 xo‘jalikda 334 fuqaro yashayotgani aniqlangan. Bu haqda Milliy matbuot markazida 13 oktyabr — Tabiiy ofatlarning xavfini kamaytirish xalqaro kuni munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi O‘zA.

Ulardan 67 xo‘jalikdagi 286 fuqaro vaqtincha yashash uchun xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. 10 xo‘jalikdagi 48 fuqaroga xavfsiz hududdan uy-joy qurishi uchun yer uchastkalari ajratildi va ko‘chirildi.

Matbuot anjumanida so‘z olgan vazirlikning favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Dadaxonov joriy yilning o‘tgan davrida aholini va hududlarni tabiiy, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaldi.

Shuningdek, mamlakat hududida joriy yil daryo, soy, ariq va kanallar o‘zanlarini tozalash hamda qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha sel va suv toshqinlari xavfi saqlanib qolgan uchastkalarda jami 112 taktik-maxsus o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘quv mashqlariga 9037 shaxsiy tarkib, 1318 muhandislik va boshqa texnika vositalari jalb etilib, tuproq, tosh-shag‘al, beton, o‘zan tozalash ishlari amalga oshirilgani haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berildi.

«Davlatimiz tomonidan yurtimiz aholisi va hududlarini sel-toshqinlar va yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish uchun maxsus mablag‘lar ajratilmoqda, — dedi vazirlikning axborot xizmati rahbari Samandar Hikmatullayev. — Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar uchun 2017 yilda 23 milliard 700 million so‘m, 2018 yilda esa 38 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratilgani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Tabiiy ofatlarning xavfini kamaytirish xalqaro kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida „Fuqaro muhofazasi“ tadbirlarining o‘tkazilishidan asosiy maqsad ham tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha aholiga ma’lumot va tushunchalar berishga qaratilgan. Bu tadbirlar Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirliklari, Qizil yarim oy jamiyati, „O‘zgidromet“ markazi va boshqa tegishli idora hamda tashkilotlar, ularning hududiy boshqarmalari hamkorligida tashkil etilayotgani yanada samarali bo‘lmoqda».