«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi rahbariyati avtosaroylar tarkibidagi eng ko‘p masofa bosib o‘tgan 2008−2009 yillarda ishlab chiqarilgan «Mersedes» rusumli avtobuslarni 13 oktyabrdan boshlab yo‘lovchi tashish uchun yo‘nalishlarga chiqarilmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi. Mazkur qaror so‘nggi kunlarda poytaxtda tez-tez yo‘lovchi avtobuslarida yong‘inlar sodir bo‘layotgani sababli qabul qilindi.

Shu bilan bir qatorda, barcha eski avtobuslar bo‘yicha maxsus — kuchaytirilgan tartibda texnik ko‘rik o‘tkaziladi. Unda transportdagi barcha texnik jismlarning yaroqlilik darajasi aniqlanadi. Bu bo‘yicha komissiya xulosasi olinadi. Shunga muvofiq eski avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqarish yoki chiqarmaslik bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

«Toshshahartransxizmat» rahbariyati yo‘nalishlardagi avtobuslar qatnovida yuzaga keladigan oraliq vaqtlarning uzayishi va boshqa noqulayliklar uchun barcha yo‘lovchilardan uzr so‘rab, ushbu noqulayliklarni tezda baratarf etish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, juma kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent va Oltintepa ko‘chalari chorrahasida 95-yo‘nalishda harakatlanuvchi Mercedes-Benz Low Floor avtobus yonib ketdi. Ikki kun muqaddam — 10 oktyabr kuni esa Uchtepa tumanidagi Ko‘kcha Darvoza ko‘chasida 87-yo‘nalishda harakatlanuvchi Mercedes-Benz Low Floor avtobusda yong‘in sodir bo‘lgan edi.