Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan ikki maktab bazasida xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) pilot loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (136- va 141-sonli maktablar asosida) pilot loyihalarini amalga oshirish uchun investorlar o‘rtasida tanlov e’lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 5 sentyabr kuni «Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori imzolandi. Bu hujjat xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi.

Mazkur Qaror xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklikning yo‘nalishlarini aniqlab bergan bo‘lib maktab ta’limiga xususiy sarmoyalarni jalb etishga qaratilgan.

Hozirda, Toshkent shahrida 300 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 200 tasida yuklanma yuqori darajada qolgan 100 tasida esa ko‘rsatkichlar past ekanligini kuzatish mumkin. Loyiha amalga oshirilayotgan 136- va 141-sonli maktablar ham aynan ikkinchi guruhga kiritilgan.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvarbek Boboxo‘jayev loyihaning afzalliklari haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

— Ushbu pilot loyihalar bilan biz xalq ta’limi sohasiga xususiy mablag‘larni jalb etish niyatidamiz. Investitsiyalar bilan birga biz ta’lim sohasiga innovatsiyalar va malakali o‘qituvchilarni jalb etamiz, bu esa ta’lim sifatini oshirishga ko‘mak beradi.

— DXSH loyihasi doirasida investorlar bolalarning ta’lim olishlari va o‘qituvchilarning samarali ishlashlari uchun hamma sharoitlarni yaratishlari kerak bo‘ladi. O‘z o‘rnida sarmoyadorlar maktab mulki va ob’ektlaridan 30 yil mobaynida beg‘araz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar" — deb ta’kidladi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, bu loyiha esa bolalarga yaxshi sharoitlarda sifatli ta’lim olish imkoniyatini beradi. Ta’kidlash lozimki, investorlar bilan tuziladigan DXSH shartnomasi doirasida, maktab o‘quvchilarining umumiy sonidan 20% i ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning farzandlari bo‘lib, ularning bepul ta’lim olishlari nazarda tutiladi, — dedi Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi Sarvarbek Sadullayev.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktablar o‘z faoliyatlarini 2019−2020 o‘quv yilida boshlashlari kutilmoqda.