Abdusalom Azizov O‘zbekiston Mudofaa vazirligi sport klubi a’zolari, Indoneziyada o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilarga leytenantlik pogonlarini topshirdi, deya xabar qildi mahkama matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Mudofaa vaziri og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov, kanoeda eshkak eshuvchi Vadim Menkov va yengil atletikachi Nadiya Dusanovaga pogon va guvohnomalarni topshirdi.

XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Mudofaa vazirligi sport klubining 50 nafar a’zosi ishtirok etib, 10 ta oltin, 12 ta kumush va 11 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, shuningdek Qozog‘istonning Olma Ota shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarga ko‘krak nishoni va maishiy texnikalar ham taqdim etildi.