Prezidentning joriy yil 4 iyuldagi «Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga binoan davlat tashkilotilari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar huzurida jamoatchilik kengashlari tuzilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida ham ana shunday Jamoatchilik kengashi tuzildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shu munosabat bilan vazirlikda o‘tkazilgan yig‘ilishda madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifasi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Jamoatchilik kengashi raisi va a’zolari ro‘yxati nizom asosida shakllantirildi. Jamoatchilik kengashi tarkibi rais, rais o‘rinbosari, kotib va a’zolardan iborat bo‘lib, kengashning qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz: jamoatchilik kengashlari davlat organi rahbarining qaroriga asosan tuzilib, unga mehnat faxriylari, obro‘li fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qabul qilinadi.