O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 2018 yilning 15 oktyabr — 20 oktyabr kunlari «Infolib Uzbekistan» VII Milliy Axborot-kutubxona haftaligi o‘tkazadi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur haftalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida» 2017 yil 13 sentyabrdagi, «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» 2017 yil 13 sentyabrdagi qarorlari hamda 2018 yil 7 aprelda tasdiqlangan Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash majlisining 1-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilinmoqda.

Haftalik O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Fanlar akademiyasi, O‘rta maxsus va kasb ta’limi markazlari bian hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Milliy axborot-kutubxona haftaligining asosiy maqsadi — axborot madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarish hamda milliy madaniy merosini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa mehrini oshirish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirish, aholining turli qatlamlariga xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda kutubxonalarning ijtimoiy-madaniy rolini oshirishdan iboratdir.

Haftalik doirasida quyidagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda:

Axborot-kutubxona mutaxassislari uchun kasbga oid tadbirlar:

«Betgerxonlik — 2018. Milliy kutubxona va axborot-kutubxona markazlari birlashuvi — axborot-kutubxona sohasi rivojiga qo‘yilgan muhim qadam».

«Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2018» tanlovining respublika bosqichi;

Kongress kutubxonasi bilan videokonferensiya (fondlarni raqamlashtirish va saqlash);

Axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining bibliografik bilimini oshirish bo‘yicha"Bibliograf maktabi"ning nazariy va amaliy mashg‘ulotlari;

«Katalogizator maktabi» -Axborot-kutubxona resurslarini kataloglashtirish o‘quv treningi;

EBSCO Information Service — xorijiy elektron bazasining faol foydalanuvchilarni taqdirlash marosimi;

«Ko‘hna Turon 100 yoshda» Toshkent viloyati «Turon» axborot-kutubxona markazining 100 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbiri;

«Biblionoch» — nazm va navo kechasi (qozoq shoiri Abay Qo‘nonboyev va qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan musiqiy kecha).

Quyidagi tadbirlar doirasida ma’ruzalar qilinadi:

eIFl-ochiq xorijiy elektron bazalardan foydalanish bo‘yicha seminar;

Muzey, arxiv, kutubxonalarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan «Moddiy-madaniy meros ob’ektlarining o‘zaro integratsiyasi» mavzuida davra suhbati;

Buyuk Britaniyada ta’lim tizimi va magistrantlar uchun «Chevening» xalqaro dasturi haqida tadbir.

O‘quv-metodik qo‘llanmalar va kitob taqdimotlari:

«Kitob ziyosidan yaralgan ilm» nomli Milliy kutubxonaning fondlarida saqlanayotgan manbalar asosidagi tadqiqotlar samarasi bo‘lgan kitoblar taqdimoti.

Ijodiy uchrashuvlar:

G‘afur G‘ulom nashriyot matbaa-ijodiy uyi hamda «Akademnashr» karikatura rassomlari bilan «Nashriyotdan-kitobxongacha» nomli ijodiy uchrashuv;

«Rassom ustaxonasida» mavzusida rassom Rustam Bozorov bilan ijodiy uchrashuv.

Taqdimotlar:

Amerika kutubxonalari haqida taqdimot;

Expert lawyers muassisligida joriy etilgan respublikamizdagi onlayn ilmiy jurnallar www.tadqiqot.uz taqdimoti va xalqaro ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar;

Edu Action tomonidan xalqaro «IELTS» imtihoni va uning imtiyozlari haqida ma’lumotga ega bo‘l" mavzuidataqdimot va viktorina;

Xitoy tili va madaniyati haqida taqdimot (O‘zbekistondagi Xitoy xalq Respublikasi elchixonasi bilan hamkorlikda).

Mahorat maktablari:

Yapon tili. Kalligrafiya.

Yapon an’anaviy san’ati — «Origami» (Inson resurslarini rivojlantirish o‘zbek-yapon markazi);

San’atshunos Mashhura Xalilova bilan «Nafis san’at bezagi» nomli mahorat darsi.

Musobaqalar:

«Kitobxon ona — kitobxon bola» rukni ostida turkum tadbirlar. Tadbirda «Kitobxon ona» («Chitayuaya mama») klubi a’zolari hamda ularning jajji farzandlari ishtirok etadilar.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida tanlovlar:

«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilamiz!» mavzusida 7 — 8 sinf maktab o‘quvchilari bilan birgalikda geografiya bo‘yicha viktorina;

«Gazeta — tarixning muhrlangan onlari» Yil davomida eng ko‘p o‘qilgan 5 ta nomdagi gazetalar muharrirlari va foydalanuvchilar bilan ijodiy muloqot. Eng ko‘p o‘qigan foydalanuvchini taqdirlash;

«Bilimlar xazinasi kaliti» nomli maktab o‘quvchilari o‘rtasida rus va o‘zbek tillarida kvest-o‘yin.

Kitob-rasmli ko‘rgazmalar:

«Dengiz va osmon — cheksizlik ramzi» XVIII-XIX asrlardagi dengiz geografik noyob xaritalarining ko‘rgazmasi;

O‘zbekiston hududi aks etgan kartalar va kitoblardan tashkil etilgan ko‘rgazma.

Parallel tadbirlar (hafta davomida har kuni)

Kutubxona bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyalarini o‘tkazish;

Kutubxona foyesida rasmlar ko‘rgazmasi (3-qavat foye);

Foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish (Aksiya: har 27 a’zo bo‘lgan foydalanuvchiga sovg‘a).