AQSHning diniy erkinlik bo‘yicha maxsus elchisi Sem Braunbek «Amerika ovozi» radiosiga bergan intervyusida O‘zbekistonda O‘zbekistonda diniy erkinlik, bu borada hukumat amalga oshirishi lozim bo‘lgan choralarga e’tibor qaratdi.

«Hammaga bir cheklov qo‘yaman, desangiz adashasiz. Bu aksil natija beradi. Siz e’tiborni radikallashgan yoki radikallashayotgan guruhga qarating, hammaning erkinligini bo‘g‘mang. O‘zbekiston iqtisodiyotining kuchayishini istaydi. Yoshlaringiz sizga kerak, ular hech qayerga ketmay vatanda ishlay olishi, kelajagini shu yerda ko‘ra olishi lozim. Shundoq ham qanchasi ketib bo‘lgan. Hukumatga shu kerakmi?» — dedi Sem Braunbek.

Uning ta’kidlashicha, jamiyat erkinlashsa, odamlar shu yerda yashagisi keladi. Qattiqroq harakat qiladi, tizimga ishonadi. Masalan, bizning iqtisodiyotimiz jadal va tinimsiz o‘sishda. Chunki erkinlik bor, erkinlik foyda keltiradi. «Tizimga yoshlar kirib kelaverishi kerak. Yangi avlod vaziyatni qo‘lga olganida, erkinlik asosiy omil bo‘lishi ko‘rganmiz, masalan Gruziyada. Yoshlardan umid katta», — dedi u.

«Odamlar ozodlikka chiqdi, ibodatxona va masjidlar faoliyatida siljishlarni kuzatayapmiz. Lekin oldinda ish ko‘p. Biz qattiqroq harakat qiling, deyapmiz. Ko‘proq o‘zgarish ko‘rishni xohlaymiz. Nafaqat O‘zbekiston, butun Markaziy Osiyoda shu muammoni ko‘rasiz. E’tiqodga nisbatan qattiqqo‘llik. Nazorat, nazorat va nazorat. Bu sizni o‘stirmaydi. Orqaga tortadi», — deya davom ettirdi AQSHning diniy erkinlik bo‘yicha maxsus elchisi.

«Yomon odamlar har yerda bor. Lekin ularning xatti-harakatlari sabab butun jamiyatni jazolay olmaysiz. Bu — adolatsizlik. Oshkoralik, erkinlik insonlarni uzoq muddatda to‘g‘ri yo‘lga yetaklaydi. Bunga qayta-qayta guvoh bo‘lganmiz», — deya ta’kidladi Sem Braunbek.