O‘zbekiston va Fransiyaning Veolia Environnement kompaniyasi Toshkentda ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash, shuningdek oqova suvlarni tozalashni modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjat prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida imzolandi.

Kompaniya xabarida qayd etilishicha, Veolia va O‘zbekiston 2019 yilning birinchi yarmida kuchga kiruvchi ichimlik suvi ta’minoti va sanitariyasi masalalari bo‘yicha affermaj shartnomasi tafsilotlarini birgalikda muhokama qiladi. Jami aylama 1.5 mlrd yevroni tashkil etadi.

Ma’lumotnoma: Affermaj shartnomasi odatda kommunal infratuzilma ob’ektlaridan (masalan energiya va suv ta’minoti) foydalanish uchun tuziladi. Bunda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun javobgarlik davlat emas, balki suv uchun to‘lovlarni olayotgan kompaniya zimmasida bo‘ladi va u qurilmalardan foydalanish bilan bog‘liq xavflar uchun javob beradi.

Fransuz kompaniyasi 25 yil davomida suv quvurlari va suv tozalash inshootlarini boshqarish huquqini qo‘lga kiritib, suv ta’minoti tarmoqlarini rivojlantirish va yaxshilash, Toshkent suv quvurlari tarmoqlarini modernizatsiya qilishga kiritilayotgan investitsiyalar monitoringi bilan shug‘ullanadi.

Veolia raisi va bosh ijrochi direktori Antuan Frerot shunday dedi: «Mazkur bitim yirik suv ta’minoti tarmoqlarini boshqarish va optimallashtirish sohasida kompaniyaning eng yaxshi tajribalari va xalqaro nou-xaularni amalga tatbiq etishga imkon beradi. Men O‘zbekiston va uning prezidenti Shavkat Mirziyoyev Veolia kompaniyasini tanlagani hamda bizning xodimlar sheriklar sifatida aholini sifatli suv bilan ta’minlashga yordam berishidan mamnunman».

Veolia Environnement — Fransiyaning ko‘p tarmoqli kompaniyasi bo‘lib, suv yetkazib berish va tozalash, kommunal xizmatlar, jumladan chiqindilarni tozalash va yo‘q qilish, energetika va transport xizmatlari, xususan aeroportlarga xizmat ko‘rsatish, temir yo‘l tashuvlari va shahar jamoat transportini boshqarish kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan.