Rossiyaning «Silovыye mashinы» konserni 2018−2021 yillarda O‘zbekistondagi yirik Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qiladi. Vazirlar Mahkamasining 6 oktyabrdagi qarori bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, stansiyaning oltita energobloki uch bosqichda modernizatsiya qilinib, barchasining umumiy quvvati 1800 dan 1950 MVtga yetkaziladi. Shartnoma qiymati 177,1 mln dollarni tashkil etadi.

Jami qiymati 187,3 mln dollar bo‘lgan loyiha uchun Rossiyaning Tashqi iqtisodiyot banki 132 mln dollar kredit ajratadi, qolgan qismi esa o‘zbek tomoni mablag‘lari hisobiga qoplanadi.

Sirdaryo IES 1981 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bugungi kunda uning quvvati 3200 MVtni tashkil etadi. Yiliga 13 milliard kVt⋅s yoki O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 30 foizini taqdim etadi.

O‘zbekiston energiya tizimida jami 48 ta elektr stansiyasi faoliyat ko‘rsatib, ularning umumiy quvvati 12,4 ming MVtdan oshadi. Shundan 10,6 ming MVt «O‘zbekenergo» kompaniyasining 10 ta issiqlik elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Qolgan qism elektr energiyasi esa «O‘zbekgidroenergo» kompaniyasi tuzilmasidagi GES hamda sanoat korxonalarining o‘z avtonom IESlari tomonidan ishlab chiqariladi. 60 milliard kVt⋅s elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.