Indoneziyada davom etayotgan Paraosiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik yengil atletikachilar uchta, suzuvchilar beshta medal sohibi bo‘ldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yengil atletikachi Mohigul Hamdamova kumush medalga ega chiqdi. Yengil atletika bo‘yicha 100 metrga yugurish bahslarida Mansur Abirashidov 11:26 soniyalik natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib bordi va oltin medal sohibiga aylandi. Yadro uloqtirish bellashuvlarida esa Bobirjon Omonov 12,31 metrlik natija bilan birinchi bo‘ldi.

100 metrga brass usulida suzgan Firdavsbek Musabekov 01:05:75 natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Islam Aslanov esa marraga uchinchi bo‘lib yetib bordi va bronza medali sohibiga aylandi.

Xuddi shu yo‘nalishda ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan Fotimaxon Amilova esa 01:09.57 natija bilan jahon rekordini o‘rnatdi va oltin medalga ega chiqdi. Ushbu yo‘nalishda kumush va bronza medallari ham o‘zbekistonlik sportchilarga nasib etdi. Fotimaxondan keyin marraga Shohsanamxon Toshpo‘latova yetib kelib, kumush medal egasiga aylangan bo‘lsa, Nigoraxon Mirzohidova bronza medalini terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.