Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi «Toshshahartransxizmat» xodimasini haqorat qilgan Damas haydovchisi Xusniddin X.ni uch kun muddatga ma’muriy qamoqqa hukm qildi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

25 yoshli Xusniddin X. O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida 9mayda bezorilik) ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Uning yo‘lovchisi — 25 yoshli Umidbek A.ning harakatlari sud tomonidan shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish sifatida toifalandi. MJTKning 41-moddasi (Haqorat qilish) bo‘yicha unga EKIHning 2 barobari (368,6 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.

Bundan tashqari, MJTKning 128−6- moddasi (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi) bo‘yicha Xusniddin X va o‘zining Damas avtomobilini jamoa transporti bekatida to‘xtatgan 35 yoshli Abdumajid A.ga nisbatan bayonnoma tuzildi.

IIBB ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenini qo‘riqlash bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimining mojaroni bartaraf etish bo‘yicha chora ko‘rmagani to‘g‘risidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi.

«Xodim xizmat vazifasini bajarish bo‘yicha qo‘llanmaga qat’iy amal qilgan holda harakat qildi. Uning vazifasi — metropoliten yo‘lovchilari xavfsizligini ta’minlash. Postni tashlab ketib, u hodisaga tezlik bilan munosabat bildirdi va tartibni ta’minlash uchun chora ko‘rdi: yaqin-atrofdagi patrul-post xizmati guruhini chaqirdi. Shundan so‘ng xodim yashirinmadi, balki mojaro yakunlanganiga ishongan holda postga qaytdi. Biroq ayol kishining keyingi harakatlari mojaroni yana kuchaytirib yubordi», — deyiladi xabarda.

5 oktyabr kuni «Toshshahartransxizmat» dispecherlik xizmati vakilasi erkak haydovchi avtomobilini jamoat transporti bekatida to‘xtatganini videoga oladi. U bu ishni haydovchiga tanbeh berish maqsadida qiladi, javob sifatida esa haydovchi nojoyiz so‘zlar bilan ayolni haqoratlab, qo‘lidan mobil telefoni va ko‘zoynagini tortib oladi.

Sentyabr oyi boshida ham «Toshshahartransxizmat» xodimalari ishtirokida shunga o‘xshash holat sodir bo‘lgan edi. O‘shanda bekatda to‘xtagan Matiz haydovchisi tanbeh bergani va videoga olgani uchun ayol kishini urgani ortidan besh kun muddatga qamalgandi.