A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida maktab direktorlarining amaldagi malaka oshirish kurslaridan tubdan farq qiluvchi «Menejerlik kurslari"ni tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy (menejerlik kursini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom, kursni tashkil etish to‘g‘risidagi buyruq) va o‘quv-metodik ta’minot (kursning o‘quv rejasi, dasturi, ma’ruza matnlari va amaliy mashg‘ulot ishlanmalari) tayyorlandi va xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Menejerlik kursining o‘quv rejasi direktorlar malaka oshirish kursining o‘quv rejasidan tubdan farq qiladi.

Yangi o‘quv rejada asosiy urg‘u umumta’lim maktablari rahbarlarining boshqaruv kompitensiyalarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan mutaxassislik fanlariga qaratilgan. Jumladan, ta’lim sohasi menejmenti, ta’lim sohasi marketingi, ta’limda personalni boshqarish, boshqaruvda optimal qarorlar qabul qilish texnologiyalari va ta’lim sifatini boshqarish kabi o‘quv modullari yangi kurs tinglovchilariga ilk bor taqdim qilinmoqda.

Ta’lim sohasi menejerlari «O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosati», «Ta’lim iqtisodiyoti» va «Ta’lim boshqaruvining me’yoriy huquqiy asoslari» kabi o‘quv modullari bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalardan bahramand bo‘ladilar.

«Menejerlik kursi» davomida tinglovchilar tomonidan o‘zlari rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasalarida samarali menejmentni joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ni shakllantirishlari va uni himoya qilishlari ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning 4 oktyabridan boshlab «Menejerlik kurs"larida o‘quv mashg‘ulotlari boshlab yuborildi. Kurs tinglovchilari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda o‘tkazilayotgan mavzular avvallari kurslarda o‘qilgan mavzulardan dolzarbligi va amaliyotga yo‘naltirilganligi bilan anchagina farqlanayotganligi to‘g‘risida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Kursni o‘tkazish davrida va uning yakunida tinglovchilardan «Men kursdan nima oldim» ruknida so‘rovnomalar o‘tkazish rejalashtirilgan.