O‘zbekiston terma jamoasi va «Paxtakor» klubi vingeri Jaloliddin Masharipov OFK tomonidan diskvalifikatsiyaga uchradi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.

OFKning 8 oktyabr kuni chiqargan qaroriga ko‘ra, Osiyo o‘yinlari chorak final doirasidagi O‘zbekiston (U23) — Janubiy Koreya (U23) uchrashuvidan keyin hakamga qarata suv idishini otgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov o‘rtoqlik o‘yinlaridan 6 oy muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Qo‘shimchasiga futbolchi 5 ming AQSH dollariga jarimaga tortildi. Mazkur jarima 30 kun ichida to‘lab berilishi shart, deyiladi OFK qarorida.

Endilikda futbolchi O‘zbekiston terma jamoasi safida aprel oyiga qadar o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etolmaydi. Ayni paytda terma jamoa yig‘inida shug‘ullanayotgan Masharipov yaqinda bo‘ladigan KXDR va Qatarga qarshi uchrashuvlarni ham o‘tkazib yuboradi. Osiyo Kubogiga qadar Ektor Kuper Jaloliddin Masharipovni o‘rtoqlik bahslarida sinab ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.