«MyWay Proforientation» kasb-hunarga yo‘naltirish va rivojlantirish markazi Xalq ta’limi vazirligi ko‘magida kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirdi, u orqali umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari ongli ravishda kelajakda qanday kasbni tanlashlari kerakligini bilib oladilar. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Amaliyotning ko‘rsatishicha, aksariyat hollarda o‘smirlarning ota-onalari farzandlarining qiziqishi va qobiliyatlarini hisobga olmasdan, ularning kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishini hal qilishadi. Natijada, bitiruvchilarning aksariyati o‘z vaqti va pulini baribir kelajakda ishlamaydigan, ishlasalar ham huzur olmaydigan mutaxassislikni egallashadi.

Kasb-hunarga yo‘naltirilgan loyiha o‘quvchilarga shaxsiy xususiyatlarini, qiziqishlari va qobiliyatlarini aniqlash imkonini beradi hamda mazkur ma’lumotlarga tayanib, ularning shaxsiy imkoniyatlariga mos keluvchi kasbni tanlash imkonini beradi. «MyWay Proforientation» kompaniyasi Moskva davlat universitetining (Rossiya) «Gumanitar texnologiyalar» Test markazining rasmiy hamkori va «Proforiyentator», «Profmaster», «Profnavigator» va boshqa dasturlardan foydalanish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega bo‘lib, Toshkentdagi beshta maktabda 9-sinf o‘quvchilarini test sinovlaridan o‘tkazadi.

Maktab o‘quvchilari «Proforiyentator» dasturidagi «Shaxs va kasb» blokining maxsus testidan o‘tadilar, bu bolalarning individual xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Olingan ma’lumotlarga asoslanib, «MyWay Proforientation» kompaniyasi mutaxassislari bolalar bilan guruhlarda suhbatlar o‘tkazadilar, kelajakda qanday kasb tanlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishadi va o‘g‘il-qizlarning savollariga javob berishadi.

— «Bolalar uchun sifatli ta’limni taqdim etish bizning asosiy vazifalarimizdan biridir. Shu bilan birga, biz ham bolalarni kasb tanlashga tayyorlashimiz kerak. Ishonchim komilki, mazkur loyiha o‘quvchilarga o‘zlarini yaxshiroq bilib, to‘g‘ri kasb tanlashlariga yordam beradi, shuningdek, universitetlarning kirish imtihonlariga maqsadga muvofiq ravishda tayyorgarlik ko‘rishga imkon beradi» — dedi, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Boboxo‘jayev.

«MyWay Proforientation» MCHJ direktori Vyacheslav Kan ham bu boradagi olib borilayotgan loyihalar to‘g‘risida quyidagi firlarga alohida to‘xtalib o‘tdi: — «Ta’lim sohasidagi islohotlarga alohida e’tibor berib kelayotganidan xursandmiz, chunki busiz O‘zbekiston xalqining farovonligi va iqtisodiy o‘sishiga erishish mumkin emas. Mazkur loyihada Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda kompaniyamiz yordamida ko‘plab bolalarga kelajakda qanday kasbni egallashlari lozimligi haqida tavsiyalar beriladi. Asosiy maqsadimiz esa insonlarga sevgan kasblariga erishish yo‘lini ko‘rsatib berishda yordam berib, O‘zbekistonning rivojlanishiga ko‘maklashish vazifasini amalga oshirishdan iboratdir. Ishonamanki, qanchalik ko‘proq insonlar o‘z ishidan zavqlanib ishlasa, ular buni yanada samarali amalga oshirishadi, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi yanada tezlashadi».

Qayd etish lozimki, dastlabki bosqichda loyiha poytaxtdagi beshta maktabni qamrab oladi. Kelgusida Xalq ta’limi vazirligi va «MyWay Proforientation» kompaniyasi poytaxtdagi barcha maktablarni qamrab olishni rejalashtirmoqda.