Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, mazkur kengash soliq nizolarini ko‘rib chiqadi.

Biroq qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkazilayotgan soliq tekshiruvlari bo‘yicha, soliq to‘lovchi davlat soliq xizmati organlari qarorlari, ularning mansabdor shaxslari harakati yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilgan hollarda kengash soliq nizolarini ko‘rib chiqmaydi.

Bundan tashqari, qaror bilan Moliya vazirligi tuzilmasida vazirlik xodimlarining shtatda belgilangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining ikki shtat birligidan iborat kengash kotibiyati tashkil etildi.

Kengash kotibiyati ariza beruvchilarning murojaatlarini qabul qiladi va ro‘yxatdan o‘tkazadi, shuningdek kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlaydi.