Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 6-, 20-, 34-, 43-, 44-, 48-, 50-maktablarda bir necha yillardan buyon toza ichimlik suvi muammosi mavjud. Jurnalist Sharifa Madrahimovaning «Ma’rifat» gazetasida e’lon qilingan maqolasi shu haqda.

Bu muammo ko‘p yillardan buyon hal etilmay kelmoqda. Misol uchun, «2004−2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi» asosida qurilib, foydalanishga topshirilgan 50-umumta’lim maktabida tuman markazidan eng olis hududlar — Sholg‘omarab, Sho‘rqishloq, Yakkatol qishloqlari aholisining 492 nafar farzandi ta’lim-tarbiya oladi. 210 o‘rinli maktabda 47 nafar o‘qituvchi, 14 nafar texnik xodim mehnat qiladi. Mavjud vaziyatni o‘rganish uchun u yerga borganimizda, direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Maqsudali Sodiqov haqiqatan ham maktabda ichimlik suvi yo‘qligini, 2009 yili quruvchilar ichimlik suvini ikkita rezina shlang orqali tortib kelganini, ammo bir yilga yetar-yetmay suv to‘xtab qolganini aytdi.

O‘quvchilar maktabdan 100 metr uzoqlikdagi suvdan foydalanadi. Boshqa ehtiyojlar uchun esa maktabda sig‘imi 80 litrli qo‘lbola usulda tayyorlangan idish bor.

Maktab direktori Shuhrat Mavlonov 2009 yildan buyon yuqori tashkilotlarga faqat og‘zaki murojaat qilganini aytdi.

— 2016 yili tuman hokimligiga murojaatimizdan so‘ng, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi Buvayda filiali tomonidan maktabga ichimlik suvi keltirish davlat dasturiga kiritildi. Drenaj, ya’ni suv minorasi qurish uchun «Qutlug‘ qadam fayzi» fermer xo‘jaligi rahbari Ixtiyor Salimov maktab va bolalar uchun o‘z yeridan 10 sotixdan ko‘proq joy ajratib berdi. Ammo nimagadir suv minorasi qurilishi boshlanmasdan to‘xtab qoldi, — deydi maktab direktori Shuhrat Mavlonov.

Tumandagi 6-maktab direktori Ilhomjon Teshayev ham maktabga ichimlik suvi keltirish masalasida 20 marta turli tashkilotlarga murojaat qilganini, shundan beshtasi yozma ekanini bildirdi.

Maktabda 973 nafar o‘quvchi ikki smenada ta’lim oladi. Boymahalla, Majnuntol, Yong‘oqli, 1-Qo‘rg‘oncha, 2-Qo‘rg‘oncha qishloqlari qamrovidagi maktabdan 50 metr uzoqlikda mahalla uchun mo‘ljallangan artezian quduq bor. O‘quvchilar tanaffus payti o‘sha yerga borib suv ichib kelishadi.

— Mas’ul mutasaddilar, mahalla faollari bu muammoni o‘rganib ketaveradi. Ammo amaliy ishdan darak yo‘q, — deydi Ilhomjon Teshayev. — Maktab tuman soliq bo‘limi rahbari mutasaddi bo‘lgan 4-sektor hududida joylashgan. Sektor rahbari ham kelib, vaziyatni o‘rganib ketdi. 300 metr uzunlikda quvur bo‘lsa, maktabga ichimlik suvi olib kirish mumkin…

Maktab rahbarlarining fikrini eshitib, «Suvoqova» DUK tuman filiali rahbari Salimjon Dehqonov bilan bog‘landik.

— Byudjet tashkilotlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashning o‘ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Yil boshida ta’lim xarajatlari uchun tuman byudjetidan ma’lum miqdorda mablag‘ ajratiladi. Shu paytda maktab direktorlari tuman moliya bo‘limiga o‘quv muassasasidagi kamchiliklarni aytishi kerak. Xarajatlar smetasi tuzilayotgan paytda shular e’tiborga olinib, mablag‘ ajratiladi. Maktab direktorlari maktab tomini yopish, kirish qismini ta’mirlash, oshxona qurish, sinfxonalarini jihozlash uchun mablag‘ so‘rayveradiyu, ammo ichimlik suvi muammosini ko‘tarmaydi. «Suvoqova» DUK tuman filiali o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, tumandagi maktab va bog‘chalarga navbatma-navbat homiylik yordamlari hisobidan ichimlik suvi quvurlarini tortib bermoqda. 2018 yilning avgust oyiga qadar 3-, 8-, 37-, 38-maktablarga ichimlik suvi keltirildi, 2-IDUMIga suv tortish nasosi o‘rnatildi. 25-, 28-MTMlar ham ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Salimjon Dehqonovning aytishicha, 6-maktabni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun radiusi 50 santimetrli quvurdan 300 metr kerak bo‘ladi. Agar maktab direktori homiylarni shu ishga jalb etib, quvur uchun mablag‘ topsa, qazish, o‘rnatish, montaj ishlarini «Suvoqova» DUK xodimlari amalga oshirib, maktabga ichimlik suvi kiritib beradi.