Chorshanba kuni Uchtepa tumanidagi Ko‘kcha darvoza ko‘chasida 87-yo‘nalishda qatnovchi Mercedes-Benz Low Floor avtobusida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
«Chinni bozor — Qoraqamish 2/4 mavzesi» yo‘nalishida qatnovchi va 18-avtobus saroyiga tegishli avtobusda yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar 14:52 da kelib tushadi. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 15:01 da bartaraf etishadi.
Yong‘in avtobusning motor bo‘limidan boshlangan. Haydovchi va yo‘lovchilar jabrlangani yo‘q. Yong‘inga avtobus yonilg‘i tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.