2018 yil 08 oktyabr kuni soat 10:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2-sonli bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 433-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining 7 nafar tarbiyalanuvchilari «O‘tkir ichak diareyasi» tashxisi bilan yotqizilgan, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordan natijasida ularning ahvoli hozirda qoniqarli holatda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazining xulosasida, muassasaga 2018 yil 3 avgust kuni ko‘p miqdorda sariyog‘ mahsuloti olib kelinib hozirgi kunga qadar iste’molda foydalanib kelingani, taomnoma bo‘yicha 2-ovqat uchun tayyorlangan teftel yo‘riqnoma qoidalariga zid ravishda tayyorlangani, eskirgan oshxona jihozlaridan foydalanib kelingani, ikkinchi muzlatgich nosoz holda ekanligi, barcha oziq-ovqat mahsulotlari bir muzlatgichda saqlanayotgani ko‘rsatilgan.

Muassasada mavjud oziq-ovqat mahsulotlari va suvdan namunalar olinib, ekspertiza o‘tkazish uchun yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2018 yil 8 oktyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tuman IIB tomonidan JKning 2571-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.