O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrif YUNESKOdagi uchrashuvdan boshlangani chuqur ma’no va muhim ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Odri Azule davlat rahbarini tashrifi bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv g‘oyat muhimligini qayd etdi.

YUNESKO bosh direktori O‘zbekiston prezidentining ushbu tashkilot shafeligida tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish, ekstremizmning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro institut tashkil etish, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti huzurida Ta’limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy markaz hamda Samarqanddagi Turizm xalqaro universitetida YUNESKO kafedrasini tuzish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yosh olimlari mintaqaviy forumini hamda 2019 yilda Toshkentda «Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida» mavzuida Osiyo forumini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Bosh direktor O‘zbekistonning butun insoniyat boyligi bo‘lgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.

Uchrashuv so‘ngida Shavkat Mirziyoyev va Odri Azule O‘zbekiston bilan YUNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021 yilgacha hamkorlik dasturini imzoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNESKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.