Noyabrda Jenevada bo‘lib o‘tadigan Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) yig‘ilishida O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida 3 oktyabr kuni XMTning janubiy-sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha XMT mintaqaviy direktori Argentina Sabadash boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, XMT O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lganidan so‘ng Toshkent va Termizda eng kamida ikkita to‘la huquqli vakolatxona ochishni rejalashtirmoqda. Ular O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonda mehnat migratsiyasi sohasidagi XMT loyihalarini amalga oshirish uchun submintaqaviy markaz sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

XMT «Ishga marhamat» monomarkazi negizida Toshkent shahrida va Surxondaryo viloyatida kamida ikkita Yevropa mamlakatlariga ketish oldidan mehnat migrantlarini ko‘niktirish markazini tashkil etish va kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlashda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bunda, Surxondaryo viloyatida Afg‘onistondan bo‘lgan mehnat migrantlarini to‘lov asosida tayyorlash nazarda tutilmoqda.

Mehnat vazirligi va XMT O‘zbekistondan Polshaga uyushgan mehnat migratsiyasini kengaytirishga to‘siq bo‘layotgan masalalar (kirish uchun ishchi vizalarini taqdim etish)ni hal qilish, Chexiya va Slovakiya, shuningdek, Kanada, Avstraliya va skandinaviya davlatlariga mehnat migratsiyasi yo‘llarini rivojlantirishda XMT ko‘maklashuvi masalalarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, MDH mamlakatlarida vaqtinchalik mehnat faoliyatida bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy-mehnat huquqlari muhofazasini ta’minlash bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarda XMTning yordam ko‘rsatishi masalasi ko‘rib chiqildi. XMT vakillari bu kabi amaliyot Rossiya Federatsiyasining vakolatli davlat organlari bilan muzokaralar o‘tkazish yo‘li orqali Rossiyada olib borilayotganini bildirdi.