Yelisey saroyida 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makronning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga Fransiyaga taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston ishonchli va istiqbolli sherik bo‘lgan Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini alohida ta’kidladi.

Fransiya Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropadagi birinchi mamlakat ekanini qayd etib, ikki mamlakatni Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI davridan buyon o‘rnatilgan o‘zaro hurmat va savdo aloqalari bog‘lab turganiga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Fransiyani dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar salohiyatga ega mamlakat deb biladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi Fransiya rahbarining siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya, qonun ustuvorligi va odil sudlovni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, hokimiyat organlari faoliyatini xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishga yo‘naltirishga oid islohotlar dasturiga o‘xshash ekani ta’kidlandi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligini qayd etdilar.

Fransiya prezidenti O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqladi hamda mamlakat rahbariyatining do‘stlik, o‘zaro manfaatli sheriklik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuksak baholadi.

Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishga doir yondashuvlari yaqin yoki mos ekani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoning tinch va izchil taraqqiyotini ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotgani alohida ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning muhim sharti sifatida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini yana bir bor ta’kidlab, bunda oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan mojaroning barcha tomonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy muloqotni ta’minlash ushbu muammoni hal etishning birdan bir yo‘li ekanini qayd etdilar.

Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashgani va bundan buyon muntazamlik kasb etishi lozimligi ta’kidlandi.

Hukumatlar va vazirliklar darajasida muntazam muloqot amalga oshirilmoqda. Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda. Parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasi faoliyatiga alohida ahamiyat qaratildi. O‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq o‘zaro savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan, Ikki tomonlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida konvensiya va boshqa hujjatlar imzolangan.

Shu munosabat bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Fransiya tadbirkorlari harakati — «MEDEF» bilan birgalikda tashkil etilgan biznes forum yakunida Yevropaning ilg‘or tajribasi, bilimlari va texnologiyalari asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati 600 million yevroga yaqin infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi imzolandi.

Fransiyaning «Eyrbas», «Total», «Total Eren», «Vinchi», «Orano», «Veoliya», «Fivs Shteyn», «Buig», «Ranjis» va boshqa ko‘plab kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda madaniyat va san’at, turizm, fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, arxeologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga kelayotgan fransiyalik turistlarga nisbatan vizasiz tartibjoriy etilgani va Fransiya bu borada Yevropaning birinchi mamlakati bo‘lganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda fransuz tilini 300 ming nafar maktab o‘quvchilari va talabalari o‘rganmoqda. Yaqinda Toshkentda Fransuz tili va madaniyati markazi tashkil etildi.

Iqtisodiyot, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida O‘zbekistonda Strasburg universiteti va Panteon Sorbonna universiteti Parij akademiyasi filiallarini ochish borasida kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston tarixiy va madaniy merosiga ulkan qiziqishni hisobga olib, 2021 yilda Luvr muzeyida O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish xususida kelishuvga erishildi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan biriga bag‘ishlab Luvrda o‘tkaziladigan ilk shunday tadbir bo‘ladi.

Tashrif davomida avtomobil transportida tashish, turizm, harbiy-texnikaviy hamkorlik, texnik ko‘mak, kosmosni tadqiq etish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, madaniyat va boshqa sohalarga oid 10 hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi.

Muzokaralar yakunida hujjatlar o‘zaro almashildi.