Fevraldan buyon O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Botirjon Asadov mamlakatning Rossiyadagi elchisi bo‘ldi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati. Moskvadagi avvalgi elchi Bahrom Ashrafxonov esa yaqinda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi.

Botirjon Asadov (1978 y. t.) -Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1999) va O‘zbekiston strategik tahlil va istiqbollarni aniqlash oliy maktabi (magistr, 2008) bitiruvchisi.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida boshlab, 2007 yilgacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi.

2007−2012 yillarda prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi devoni yetakchi maslahatchisi, 2012−2013 yillarda — TIVning MDH, KXSHT va SHHT tashkilotlari bilan hamkorlik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, 2013−2015 yillarda — O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi maslahatchisi va O‘zbekistonning SHHT Kotibiyatidagi doimiy vakili, 2015−2017 yillarda — O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yilda Senat a’zosi, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘ldi. 20 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.