Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi saytida paxtani payxon qilish holatlarini aniqlash borasidagi tadbirlar natijalari e’lon qilindi.

Peshko‘ tumanida 2018 yil 1 oktyabr kuni soat 07−00 larda Peshko‘ tumani Xurram mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan fuqaro Tavakkal To‘yev hamda shu manzilda yashovchi Nodir Yuldashev o‘zlariga tegishli bo‘lgan 6 bosh qo‘y va echkilarini qarovsiz qoldirganligi oqibatida ushbu chorva mollari «Nodirbek Dilnura» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalasini payxon qilganligi aniqlangan. 1 bosh qo‘y va 1 bosh echki so‘yilib, hududdagi kam ta’minlangan oilalarga tarqatilgan.

Shuningdek, Buxoro tumanida. 2018 yil 04 oktyabr kuni Buxoro tumani Talaliyon mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro Shavkat Tursunov o‘ziga tegishli bo‘lgan 1 bosh yirik shoxli qoramoli va 1 bosh qo‘yini «Yurinpoyon yeri» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalasiga boqib payxon qilganligi aniqlangan. 1 bosh qo‘y so‘yilib, hududdagi 38-son maktabgacha ta’li muassasasiga topshirilgan.

Ikkala holat yuzasidan ham O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 104-moddasiga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida berilgan ma’lumotga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq ekinzorlar payhon qilingan joyda ushlangan chorva mollari mahalla fuqarolar yig‘inlariga topshiriladi hamda ular faqat chorva mollari egasiga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llangandan so‘ng va yetkazilgan zarar to‘liq undirib olingandan keyin qaytarib beriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq chorva mollari yoki parrandalarning xo‘jalik ekinzorlarini payhon qilishi fuqarolarga 552 ming 900 so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 921 ming 500 so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin ham shaxs ushbu harakatni bir yil davomida takror sodir etsa fuqarolarga 1 mln 290 ming 100 so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa — 1 mln 843 ming so‘mgacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.