Paraosiyo o‘yinlarining uchinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar 5ta oltin, 4ta kumush va 1ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Delegatsiya hisobidagi umumiy medallar soni esa 31 taga yetdi. Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 18 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Kunning oxirgi qismida kuzatilgan natijalar bilan tanishing:

100 metrga yugurish bahslarida Doniyor Ahmedov 11:26 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medal sohibiga aylandi.

Erkaklar o‘rtasida kompleks usulga suzish bahslarida esa Dmitriy Xorlin Osiyo rekordini yangiladi. Firdavsbek Musabekov esa marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi. Bu yo‘nalishda ham oltin va kumush medallar o‘zbekistonlik sportchilariga nasib etdi.

Kompleks usulda suzish. 200 metrga ayollar o‘rtasidagi bahslarda Fotima Omilova 02:21.82 natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va jahon rekordini o‘rnatdi. Undan keyingi o‘rinni Shohsanamxon Toshpo‘latova egalladi.