Kecha Indoneziyaning Jakarta shahrida III Paraosiyo o‘yinlarining ikkinchi kungi musobaqalari nihoyasiga yetdi. O‘zbekistonlik sportchilar yengil atletika, dzyudo, o‘q otish, pauerlifting va suzish bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etishdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Kunning so‘nggi medalini terma jamoaga 200 metrga yugurish bahslarida Doniyor Ahmedov taqdim etdi. U 22,79 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medalga ega chiqdi.

Ikkinchi kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni 21 taga yetdi. Ularning 13 tasi oltin medal bo‘lsa, kumush medallar soni 5 tani tashkil etadi. Bronzalar soni esa 3 ta. O‘zbekiston terma jamoasi medallar soni bo‘yicha reytingda uchinchi o‘rinni egallab turibdi.