Fransiyaga safari davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Luvr muzeyiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri bo‘lmish Luvr Fransiyaning o‘ziga xos «tashrif qog‘ozi"dir. U badiiy kolleksiyasi bo‘yicha jahonda birinchi, maydonining kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Ushbu muzeyga har yili qariyb 10 million sayyoh tashrif buyuradi.

Muzey eksponatlari 6 ta kolleksiyaga ajratilgan. Sharq kolleksiyasining o‘zi 24 ta zalni egallagan. U yerda O‘zbekiston tarixiga oid minglab ashyolar bor. Jumladan, Amir Temurning Qirol Sharl VIga yozgan maktubi, Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun Sohibqiron yasattirgan shamdonlardan biri, qadimiy qurol-aslahalar, qabrtoshlardagi bitiklar va boshqa buyumlar shu yerda saqlanadi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu eksponatlarni tomosha qildi, ularning tarixi bilan qiziqdi. O‘zbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida ko‘rgazmalar tashkil etish, olimlar o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etdi.