Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 3-chorakda hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari hamda jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida byudjet tashkilotlarida jami 1334 ta davlat moliyaviy nazorati tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar berdi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlaridan 1111 tasida moliyaviy intizomga rioya qilinmay sarflangan mablag‘lar 16,6 mlrd so‘mni, shundan kamomad va o‘zlashtirishlar 4,5 mlrd so‘mni, noqonuniy xarajatlar 12,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Nazorat tadbirlarini o‘tkazish jarayonida va uning natijalari yuzasidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan aniqlangan 11,2 mlrd so‘m miqdoridagi noto‘g‘ri sarflangan mablag‘lar belgilangan tartibda tiklanishi ta’minlandi hamda 710 ta nazorat tadbiri hujjatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Shuningdek, hisobot davrida byudjet intizomini buzgan byudjet tashkilotlarining 20 nafar rahbar va mansabdor shaxslari 13,9 mln so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi.