2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan prezident topshiriqlarining bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan Jamoatfikri.uz portalini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Prezidentning 5 oktyabrdagi davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini mustahkamlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tashkil etilayotgan resurs Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali doirasida faoliyat ko‘rsatadi.

Ayni paytda Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi sinov rejimida 2800 dan ortiq hujjat va prezident topshiriqlarini Ijro.gov.uz (davlat rahbari topshirig‘i bilan 2017 yilda tashkil etilgan) tizimi orqali nazorat qilib bormoqda. Qarorda qayd etilishicha, ayrim davlat organlari ijro intizomini sifatli va amalda ta’minlamayapti, uning ustidan o‘z vaqtida nazorat o‘rnata olgani yo‘q. Prezident topshiriqlarini bajarishda mas’uliyatsizlik va rasmiyatchiliklarga yo‘l qo‘ymoqda.

Hujjatlar ijrosi va prezident topshiriqlari o‘z vaqtida bajarilmasa, vazirlik va mahkamalar, joylardagi ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari javobgarlikka tortiladi.

Hujjat bilan 1 yanardan respublika va hududiy ahamiyatga molik majlis va yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlandi. Faqatgina prezident o‘tkazadigan majlislar Ijro.gov.uz tizimida ro‘yxatga olinib, o‘tkazish maqsadi, natijasi, ishtirokchilar tarkibi va davomiyligi ko‘rsatilgan holda olib boriladi.

Xuddi shu sanadan boshlab davlat organlarida qonunlar, prezident hujjatlari va hukumat qarorlarini maxsus jurnallar hamda hisobga olish kartochkalariga ro‘yxatga olish, shuningdek qonunlar, prezident hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari nazorat kartotekasini qog‘oz ko‘rinishida yuritish taqiqlandi.