O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Parij shahrida Fransiya Respublikasi Senati raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Senat Fransiya parlamentining yuqori palatasi bo‘lib, uning a’zolari umumiy bilvosita ovoz berish yo‘li bilan saylanadi hamda mamlakat hududlariga vakillik qiladi.

Senatorlar qonun loyihalarini qo‘mitalarda ishlab chiqish, yalpi majlislarda muhokama qilish va ma’qullash orqali qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev Senat raisini samimiy qutlar ekan, uni Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 60 yilligi bilan tabrikladi. Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekistonda o‘zbek va fransuz tillarida chop etilgan Fransiya Konstitutsiyasining ilk nusxasini sovg‘a qildi. Jerar Larshe bu kitobni katta mamnuniyat bilan qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik ulardagi do‘stlik guruhlari ishi tufayli ancha faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Oliy Majlisining ikkala palatasida ham Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan. Fransiya Senatida «Fransiya — Markaziy Osiyo» parlamentlararo guruhi, quyi palata — Milliy assambleyada «Fransiya — O‘zbekiston» do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.

Jahonning ilg‘or davlatlaridan biri Fransiya bilan hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli amaliy aloqalarni qamrab olgan.

Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va hududlari o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qonun chiqaruvchi organlar bozor iqtisodiyoti, qonun va inson huquqlari ustuvor bo‘lgan kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan davlatni barpo etishda, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Parlamentlararo aloqalarni aniq yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, qo‘shma tadbirlar va o‘zaro tashriflarni muntazam tashkil etish, huquqiy bazani takomillashtirish va tajriba almashish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Fransiya Senati raisi mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi.

O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotganini alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga ilk rasmiy tashrifi uzoq istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikning, jumladan, mamlakatlar parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.

Jerar Larshe Fransiya O‘zbekiston bilan do‘stlik rishtalari, samarali sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va ularga tizimli tus berishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Fransiya Senatining tarixiy binosini ko‘zdan kechirdi.