Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo‘layotgani haqida ma’lumot tarqalgan edi. Mazkur xabarga aniqlik kiritish maqsadida Davlat veterinariya qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi vakillari hamkorlikda Gulobod qishlog‘iga borib, epizootik surishtiruv va o‘rganishlar olib borishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xorazm viloyatining Yangiariq tumani Gulobod qishlog‘i hududida 1860 xonadon bo‘lib, ular parvarishlayotgan 6228 bosh qoramol va qariyb to‘rt ming bosh mayda shoxli mol ro‘yxatga olingan. Mazkur chorva hayvonlarining barchasida epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar belgilangan grafikka muvofiq, hayvonlarning immun fonidan kelib chiqib, amalga oshirilmoqda.

2018 yilning 7 oktyabrida tashkil etilgan ishchi guruhi Gulobod qishlog‘i hududidagi mavjud chorva hayvonlarini birma-bir ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularda yuqumli kasalliklar, xususan nodulyar dermatit kasalligiga xos bo‘lgan klinik belgilar topilmadi. Klinik ko‘rik jarayonida 13 bosh xirurgik, 3 bosh oziqadan zaharlanish hamda 7 bosh shamollash kasalliklariga chalingan qoramol aniqlanib, ularda belgilangan tartibda davolash ishlari amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan davr mobaynida hududda 3 bosh qoramol nobud bo‘lgan. Ular patologik (yorib ko‘rish usuli orqali) o‘rganilganda travmatik perikardit va jigar serrozi kasalliklari oqibatida nobud bo‘lganligi tasdiqlandi.

Shuningdek, Gulobod hududidagi qoramollarda nodulyar dermatit kasalligiga qarshi rejali ravishda profilaktik emlash ishlari o‘tkazilgan. Emlangan hayvonlarning 14 tasida emlashdan keyingi asoratlar kuzatilgan va ularda simptomatik (asoratlarni yo‘qotishga qaratilgan) davolash ishlari o‘tkazilgan.

Shu o‘rinda nodulyar dermatit kasalligi haqida (Dermatitis nodularis bovum, zaraznыy uzelkovыy dermatit) izoh berishni lozim ko‘rdik. U — davomli isitma, limfa tizimining zararlanishi, teri osti to‘qimalari va ichki organlar shishi, terida tugunchali toshmalar, nekrozlanuvchi o‘choqli teri bo‘rtmalari (g‘adir-budur shish) hosil bo‘lishi, ko‘z va nafas hamda hazm qilish organlari shilliq pardalarining zararlanishi bilan tavsiflanuvchi kontagioz infeksion kasallik hisoblanadi.

Hayvonlar nodulyar dermatit kasalligini dermatofilyoz — bunda teri qoplamining yuza qavatlarida bo‘rtib turuvchi papulalar hosil bo‘lishi bilan tavsiflanuvchi terining surunkali jarohatlanishi, hasharotlar chaqishiga teri reaksiyasidan hamda so‘na lichinkasi jarohatlaridan farqlash lozim.

Odamlar nodulyar dermatit kasalligi bilan kasallanmaydi.

Davlat veterinariya qo‘mitasi matbuot xizmati joyida haqiqiy holatni o‘rganish natijalariga asoslangan holda «Xorazmda chorva orasida epidemiya tarqab, mollar nobud bo‘lmoqda» sarlavha ostida tarqatilgan ma’lumotlar asossiz ekanligi va tasdig‘ini topmaganligini ma’lum qilmoqda.

Shuningdek, Yangiariq tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Gulobod qishlog‘ida chorvachilik fermer xo‘jaliklari mavjud emas.