2019 — 2020 yillarda O‘zbekiston mintaqalarida velosiped yo‘lkalari tarmog‘ini qurish rejalashtirilmoqda. Hujjat loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deyiladi Norma.uz xabarida.

Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi 2019−2020 yillardagi Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish ko‘zlanmoqda:

mintaqaviy ahamiyatga molik umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarining chegaralarida qurilishini nazarda tutuvchi velosiped yo‘lkalarini qurishning manzilli ro‘yxati;

bog‘lar, istirohat bog‘larida velosiped yo‘lkalarini qurishning manzilli ro‘yxati.

Bundan tashqari, mintaqalar hududiga kirishni ta’minlovchi mintaqaviy ahamiyatga molik umumiy foydalaniladigan magistral avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish uchun topshiriqlarni tayyorlash chog‘ida bundan buyon belgilangan tartibda ushbu yo‘llarning ajratilgan mintaqa doirasida velosiped yo‘lkalari qurilishini nazarda tutish taklif etilmoqda.

Ko‘zlangan rejalarni amalga oshirishni Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga topshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy velosipedlar ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zlangan. Xususan, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida velosiped ishlab chiqaruvchi «Ya Mei Gong Ye Yuan» MCHJ XKni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.