Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 2018 yil hosilining qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta xom ashyosi uchun qo‘shimcha 100 so‘m naqd pulda ustama joriy qilindi (2018 yil 5 oktyabrdagi 798-son VMQ). Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda terilgan har bir kilogramm paxta uchun terimchilar mehnatiga haq to‘lash stavkalari kontraktatsiya shartnomasi (paxta yig‘im-terimining 3 ta vaqtinchalik bosqichi) bo‘yicha bajarilgan majburiyatlar hajmiga bog‘liq bo‘ladi:

60 foizgacha — 650 so‘m;

60 foizdan 80 foizgacha — 850 so‘m;

80 foizdan ortiq — 1 000 so‘m.

Bunda ayrim viloyatlar va tumanlarda (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) kunlik ustamalar belgilandi:

Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida, shuningdek Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida — 300 so‘m/kg;

qolgan 9 ta viloyatdagi (ro‘yxat bo‘yicha) 34 ta tumanda — 100 so‘m/kg (30.08.2018 yildagi 703-son VMQga, shuningdek unga berilgan shahrga qarang).

2018 yil 5 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarining ilgari ustama nazarda tutilmagan hududlarida terilgan bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun qo‘shimcha 100 so‘m naqd pulda ustama to‘lanadi. Ilgari ustama amal qilgan tumanlarda o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

Ustamalar Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan to‘lanishi bois qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan yakuniy hisob-kitoblarda hisobga olinmaydi.

https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/yana4_ta_viloyatda_pahta_teruvchilarga_ustama_joriy_qilindi