Toshkent IIBB Sergeli tumanida voyaga yetmagan qizlar zo‘rlangani va o‘ldirib ketilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va Telegram-guruhlarda Sergeli tumanida to‘rt nafar voyaga yetmagan qiz zo‘rlangani, ikki nafari esa o‘ldirib ketilgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan edi.

Boshqarma matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yilda Toshkentda voyaga yetmaganlarni zo‘rlashga oid birorta ham holat qayd etilmagan.

«2015 yilda qiz bolaning zo‘rlab, o‘ldirib ketilgani hodisasi sodir bo‘lgan edi. Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs qat’iy tartibda qonuniy jazoga tortilgan», — deyiladi xabarda.

Huquqni muhofaza qilish organlari aholidan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslik, ishonchli ma’lumotlarni olish uchun esa IIBBga murojaat qilishni so‘radi.