Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan besh yoshli qizini sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, Olmazor tumani Dilsaroy ko‘chasida joylashgan kafe oldida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.Q. o‘zining 2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan farzandi B.Q.ni 15 mln so‘mga fuqaro M.A.ga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odam savdosi, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.