Adliya vazirligi tomonidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida turli sohalar (tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, huquqiy himoya va b.sh) bo‘yicha bepul maslahat beradigan «Advice.uz» yagona ma’lumotlar portalini yaratish ishlari boshlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mazkur portalni muvaffaqiyatli ishga tushirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyaning Buyuk Britaniya poytaxti Londonga tashrifi uyushtirildi.

Tashrif davomida Britaniyaning fuqarolarga maslahat berish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlari, xususan 1939 yilda o‘z faoliyatini boshlagan «Citizens Advice» tarmog‘i faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Britaniyaning «Citizens Advice» 1939 yildan beri faoliyat yuritib, mamlakat buyicha 316 mustaqil xayriya tashkilotlari tarmog‘i xisoblanadi.

Tizim orqali ijtimoiy yordam, mehnat munosabatlari, qarzdorlik, is’temolchilarning huquqlarini himoya qilish, oila, uy-joy, sud-huquq, migratsiya sog‘liqni saqlash kabi sohalarda elektron portal, telefon, elektron va Webchat kabi xizmatlar orqali va telefon, elektron va Webchat xizmati yordamida bepul ravishda ma’lumot va maslaxatlar takdim etadi.

Bundan tashqari, «Citizens Advice"ning Buyuk Britaniya hududida 600 dan ortiq byurosi mavjud bo‘lib, ularga aholi o‘zining muammosi bo‘yicha bepul maslahat olish uchun bevosita murojaat qilish mumkin.

2017−2018 yillar davomida «citizensadvice» jamoasi tomonidan 2 mln 700 ming nafardan ortiq shaxslarga bevosita huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Onlayn maslahat saytidagi ma’lumotlardan 43 million foydalanuvchi foydalangan.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasining Fuqarolar maslahatlari byurosi milliy uyushmasi (National Association of Citizens Advice Bureaux — NACAB), mazkur uyushma bilan hamkorlik qiluvchi Buyuk Britaniya hukumatining elektron hukumat tizimini rivojlantirish bo‘yicha xizmati (Government Digital Services-GDS), Biznes, energetika va sanoat strategiyasi departamenti (Department for Business, Energy and Industrial Strategy) hamda Buyuk Britaniyada mustaqil maslahat xizmatlari tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi AdviceUK xayriya tashkiloti vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar doirasida delegatsiya a’zolari va xorijiy tashkilot vakillari o‘rtasida «Advice.uz» Yagona axborot portali" loyihasini O‘zbekistonda ishga tushirish istiqbollari bo‘yicha fikrlar almashildi.

«Citizens Advice» vakillari O‘zbekiston delegatsiyasiga uyushma faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun o‘z minnatdorchiligini izhor qildi hamda mazkur loyihani amalga oshirishda kerakli bo‘lgan barcha axborot resurslarini taqdim etish, ekspert yordamini ko‘rsatish orqali Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Government Digital Services vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda axborot texnologiyalari, xususan, mazkur portalning veb platformasini ishlab chiqishda ekspert yordami ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilishga qaror qilindi. Tomonlar O‘zbekiston delegatsiyasining kelgusi tashrifida Hamkorlik memorandumini imzolashga kelishishdi.

Bepul maslahat beruvchi veb-portalning yaratilishi fuqarolarning arzimagan masalalar bo‘yicha turli idoralarga murojaat qilishini keskin kamaytirishi bilan birgalikda, kundalik hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan turli muammoli masalalarning qonuniy yechimini topilishini ta’minlaydi.