O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston — Fransiya biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Milliy banki Fransiyaning «Crédit Agricole» banki bilan 300 million yevrolik shartnoma imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy banki matbuot xizmati ma’lum qilishicha, shartnoma eksport kredit agentliklari sug‘urta qoplamasi ostida fransuz bankining kredit liniyasi hisobidan O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni nazarda tutadi. Crédit Agricole S.A. Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan uskunalar va texnologiyalarni yetkazib berish bo‘yicha savdoni moliyalashtirish xizmatlarini taklif qilishga tayyor.

Milliy bank tomonidan imzolangan kredit shartnomasi yangi sarmoya bozorlaridan foydalanish imkoniyatini ochib beradi, bu uzoq muddatli kredit resurslarini yanada qulayroq sharoitlarda jalb etish imkonini beradi.

Crédit Agricole S.A. bilan hamkorlik faqat kredit resurslarini jalb qilish bilan chegaralanib qolmasdan, shuningdek, o‘zbek tadbirkorlariga fransuz biznesi bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ham taqdim etadi.

Crédit Agricole S.A. bankining kredit liniyasi davlat kafolatisiz jalb etilishi xalqaro moliya institutlarining O‘zbekiston va uning bank muassasalariga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Crédit Agricole Corporate and Investment Bank S.A Fransiya va Yevropa bank xizmatlari bozorida yetakchi bo‘lib, dunyoning 50 ta mamlakatida 52 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi. «Global Finance» nashrining baholashicha, «Crédit Agricole» guruhi aktivlari 1,82 trln. yevro bo‘lib, dunyoning eng yirik 50 banki orasida 13-o‘rinni egallaydi.