3 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi o‘z boshlig‘ini pichoqlagan MIBning sobiq davlat ijrochisi Ibrat Shavkatovni aybli deb topib, unga nisbatan 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar qildi.

Sobiq davlat ijrochisi Ibrat Shavkatov 2017 yil 30 iyundan 22 noyabrgacha byuroning Qarshi tuman bo‘limida, 22 noyabrdan 2018 yil 2 mayigacha esa Yakkabog‘ tumani bo‘limi davlat ijrochisi lavozimida ishlagan.

3 may kuni taxminan soat 15:00 da Ibrat Shavkatov u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishida bo‘lim boshlig‘i Bahrom Jo‘rayevni aybdor sanab, xizmat xonasida o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘ini uning qorin sohasiga bir marotaba sanchadi.

Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan B.Jo‘rayevga «Qorin old devori sanchilgan kesilgan jarohati, qorin bo‘shlig‘i a’zolari jarohati» kabi tashhis qo‘yilib, jarrohlik amaliyotiga olingan va ko‘rsatilgan zaruriy muolajalar natijasida uning hayotini saqlab qolishga erishilgan. Biroq Bahrom Jo‘rayev 1 avgust kuni Toshkentda Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazi jonlantirish bo‘limida vafot etadi.

Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan sobiq davlat ijrochisi I.Shavkatovga nisbatan 3 may kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25 hamda 97-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

I.Shavkatovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Qashqadaryo viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borildi.