«Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan navbatdagi buyruq qabul qilindi. Unga ko‘ra haftaning har juma kunida jamiyat va uning tarkibidagi korxonalarda xizmat mashinalaridan foydalanish taqiqlanadi. Shu kuni barcha rahbarlar va boshqa xodimlar o‘zlariga ajratilgan xizmat avtomobillaridan foydalanmagan holda jamoat transportida ishga keladilar va kun davomida ehtiyojga qarab jamoat transportidan foydalanadilar.Bu haqda «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati xabar berdi.

Vaziyat taqazosi bilan boshqa kunlarda ham rahbarlar erta tongdan avtobusda yurib, transport xizmati sifatiga yo‘lovchi nazari bilan e’tibor qaratadilar. Bu jarayonda yo‘lovchilar kayfiyati, ularning noroziligiga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rganadilar.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir rahbar oddiy yo‘lovchi sifatida avtobusda kechadigan jarayonlarni bevosita kuzatsin, u yerdagi muammolarni yurakdan his etsin. Shu asnoda ishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib, o‘z-o‘ziga bo‘lgan talabchanlik hamda mas’uliyatni yana oshirishsin, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Tizim rahbariyati, bu jarayonda haydovchi va chiptachilarning maxsus kiyimdaligiga, tashqi ko‘rinishi sanitariya va gigiyena talablariga mosligiga, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan muomala madaniyati, yo‘l harakati qoidlariga amal qilinishi, oraliq bekatlarda ortiqcha turib qolish kabi qator masalalar ustidan nazorat olib boradilar. Aniqlangan kamchilik va maummolardan kelib chiqib zarur chora-tadbirlar belgilanadi. Mazkur buyruqda belgilangan choralar kundalik o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib qo‘shimcha tarzda qabul qilindi.

Mazkur buyruq orqali bevosita yo‘lovchilar bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarga chek qo‘yish, yo‘lovchi tashish ishini bir maromda tashkil etish, eng muhimi xavfsizlikni ta’minlash, aholining transportga bo‘lgan ehtiyojini to‘la va sifatli qondirishdir.

Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan yana bir muhim jihat jamiyat tomonidan poytaxt yo‘llaridagi transport tirbandligining oldini olishga, atmosfera musaffoligini ta’minlashga hissa qo‘shishdir.