Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nishon tumani yer tuzish va kadastr bo‘limi xodimi Bekzod To‘ronov 14 million so‘m miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasi saytida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, B.To‘ronov Nishon tumani Nuriston qo‘rg‘oni Nurchi mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaroga bo‘sh turgan 6 sotix yer maydonini rasmiylashtirib, uning nomiga o‘tkazib berishi evaziga 15 million so‘m pora talab qilgan.

Bundan tashqari, u yana bir fuqaroni ham aldab, ishonchiga kirish yo‘li bilan uning uyi kadastr hujjatini tayyorlab berish evaziga 300 ming so‘m miqdoridagi pulni olib, o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborgani aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.